Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida "O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan "O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan "Bekatdagi odam” badiiy filmining ommaviy axborot vositalari uchun namoyishi va film ijodkorlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalistlar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javob oldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ushbu film gavjum bekatlarning birida uch nafar begunoh inson hayotiga zomin bo‘lgan haydovchi va uning aybini bo‘yniga olgan ota haqida hikoya qiladi. Kartinada farzandi va onasidan ayrilgan, turmush o‘rtog‘i ruhiy xastalikka chalingan bosh qahramon – Doniyorning ichki kechinmalari ochib berilgan.
Kinoasarda tergovchi Rustam Suhrobovning sa’y-harakatlari natijasida haqiqat oydinlashadi. Bekatdagi halokat baxtsiz tasodif bo‘lmay, balki qonunbuzarlik ekani, farzandini jazodan qutqarish uchun otaning qilgan xatolari tomoshabinni o‘ylashga, inson hayotining qadr-qimmati, mas’uliyat va odamiylik haqida fikr yuritishga undaydi.
Film O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, rejissyor Zulfiqor Musoqov ssenariysi asosida postanovkachi rejissyor Timur Musoqov, postanovkachi operator Azizbek Arziqulov tomonidan suratga olingan. Postanovkachi rassom – Mariya Soshina. Bosh rollarni Yodgor Sa’diev, Sirojiddin Vafoyev, Fatxulla Ma’sudov, Kristina Tairova ijro etgan.