20-fevralda Facebook ijtimoiy tarmog‘i ommabop WhatsApp messenjerini 16 milliard dollarga sotib olganligi haqida xabar bergan edik. Shuningdek, yana uch milliard dollar xodimlarga Facebook aksiyalari shaklida berishi ma’lum qilingan. Shu bois ayrim xabarlarda mazkur shartnoma 19 milliardga baholanganligi aytilmoqda.
TJournal sayti esa masalaga boshqacha yondashib, WhatsApp narxini boshqa yirik xaridlar qiymati bilan solishtirib chiqqan. Shunday qilib, bitta WhatsApp narxi nimalarga teng kelishiga bir nazar solamiz:
6,4 ta marsoxod
Bizga "qizil sayyora”dan muntazam tarzda fotosuratlar jo‘natib turgan Curiosity marsoxodi parvozi NASA’ga atigi ikki yarim milliard dollarga tushgan.
16 ta Instagram
Ayni shu Facebook 2012-yilning aprelida Instagram servisini bir milliard dollarga sotib olib, barchani hayratga solgandi. Bu degani – servisning har bir foydalanuvchiga 33,3 dollardan to‘g‘ri keladi. WhatsApp’ning har bir foydalanuvchisi esa Mark Sukerbergga 35,6 dollarga "tushdi”.
85 nafar Lionel Messi
Joriy yilning yanvar oyida Pluri Consultoria konsalting firmasi "Barselona” futbol klubi hujumchisi Lionel Messini dunyodagi eng qimmat o‘yinchi, deb atagandi. Uni 138,1 million yevroga baholashgan, WhatsApp narxiga esa bunday futbolchidan naq sakson beshtasini sotib olsa bo‘ladi!
"Gazprom” boshqaruvi a’zolarining 5466 yillik ish haqi
O‘tgan yili "Gazprom” boshqaruvi a’zolarining umumiy daromadlari (mukofot pullarini ham qo‘shganda) 1,78 milliarda rublni tashkil etgan. Boshqaruv hay’ati 17 kishidan iborat, shu bois har biriga o‘rtacha 104,7 million rubldan to‘g‘ri keladi.
4 ta "VKontakte”
"VKontakte”ning asoschisi Pavel Durov undagi o‘z ulushini sotayotganida, ijtimoiy tarmoq qiymati 3–4 milliard dollarga baholangan. Demak, shunaqa tarmoqdan to‘rttasining narxi bitta WhatsApp bilan tenglashadi.
Apple kvartal daromadidan 1,22 tasi
28-yanvarda Apple 2014-yilning birinchi moliyaviy kvartali rekord ko‘rsatkichga yetganini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, kompaniyaning mazkur davrdagi daromadi 13,1 milliard dollarga yetgan. Biroq ko‘rinib turibdi – shuncha daromadi evaziga ham u WhatsApp’ni sotib ololmas edi.
"Yulduzlar jangi” yaratuvchi 4 ta studiya
Disney 2012-yilning 31-oktabrida rejissor Jorj Lukasning Lucasfilm kompaniyasini 4 milliard dollarga sotib olganligini ma’lum qilgan edi. Studiya bilan birga "Yulduzlar jangi” filmlari va o‘yinlariga bo‘lgan huquqlar ham Disney’ga o‘tgan. Demak, WhatsApp narxiga shunday studiyadan to‘rttasini xarid qilish mumkin.
0,31 ta Sochi Olimpiadasi
Businessweek nashri Sochidagi qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlarining haqiqiy qiymatini 51,5 milliard dollarga baholagan edi. Ammo Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, Olimpiada narxi 42 milliard dollarga teng (1 WhatsApp = 0,38 Olimpiada). Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Kozak bo‘lsa mazkur tadbir atigi 6 milliard dollarga tushganini aytgan (1 WhatsApp = 2,67 Olimpiada).
1,23 ta yangi avlod aviatashuvchisi
O‘tgan yilning noyabr oyida AQSh "Jerald Ford” CVN-78 aviatashuvchisini suvga tushirgan edi. 112 ming tonnalik bu yangi avlod kemasi palubasiga 90 tagacha samolyot bemalol sig‘adi. AQSh armiyasiga u 13 milliard dollarga tushgan, biroq hatto shu kema ham WhatsApp’dan arzon turadi!