Ukrainaning hokimiyatdan chetlatilgan sobiq prezidenti Viktor Yanukovichni hamda Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Aleksandr Yakimenkoni hibsga olib, sudga keltirish haqida mamlakat Bosh prokuraturasi order berdi. Bu haqda Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Valentin Nalivaychenko jurnalistlar bilan bo‘lgan muloqotda ma’lum qildi, deb yozadi “ITAR-TASS”.
Avvalroq, 28-mart kuni Ukraina Bosh prokuraturasi Yanukovichga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 109-moddasi bo‘yicha, ya’ni “konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga da’vat qilish” ayblovini e’lon qilgan. “Yanukovich bugun Ukraina xalqiga navbatdagi murojaatida mamlakatning amaldagi hukumatini noqonuniy deb atadi va Ukraina tarkibidagi har bir hududning maqomini belgilash uchun referendum o‘tkazishni talab qilishga chaqirgan”, – deyiladi Bosh prokuratura xabarida. Ta’kidlanishicha, yuqorida ko‘rsatilgan harakatlari bilan Yanukovich “konstitutsiyaviy tuzum faoliyati sohasida hamda davlat hukumati faoliyati sohasida ichki xavfsizlikka tahdid qilmoqda”.
Aytib o‘tish kerakki, avval ham Yanukovichga Ukraina Jinoyat kodeksining 115-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan oshiq kishini qasddan o‘ldirish) bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, sobiq prezident 2014-yilning 26-fevralida qidiruvga berilgan.
3-mart kuni esa Ukraina Bosh prokuraturasi Yanukovichga nisbatan ikkinchi jinoiy ish qo‘zg‘atgan – unga mamlakatda konstitutsion tuzumni ag‘darishga da’vat qilish aybi qo‘yilgan. Yanukovichning Rostov-na-Donu shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukraina Oliy Radasining uni prezident lavozimidan chetlatganligi haqidagi qarorini tan olmasligi va o‘zini davlatning qonuniy rahbari, deb hisoblayotganligini aytgan.
Prokuraturaning ta’kidlashicha, Viktor Yanukovich 2010-yili “Ukraina konstitutsiyasini konstitutsiyaga zid usulda o‘zgartirgan va shu bilan davlat hokimiyatini qo‘lga olgan”.
|