Toshkentda “valyutafurush”larning uyushgan jinoiy guruhi qo‘lga olindi. “Huquq” gazetasining xabar berishicha, uyushgan guruh a’zolariga tegishli avtomashinalar ko‘zdan kechirilganda, 35 mln 264 ming so‘m va 6 100 AQSh dollari topilgan. Ushbu pullar hamda 3 ta “Neksiya” rusumli avtomashinalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (SVOJJDLQK) departamentining Toshkent shahar boshqarmasi bo‘lim katta inspektori Otabek Mirasilovning ta’kidlashicha, jinoiy guruh 2011-yilning bahor oylaridan boshlab faoliyat yuritib kelgan. Guruhda “Xalq banki”ning Mirzo Ulug‘bek tumani filiali boshqaruvchisi L. Rustamov ham bo‘lgan.
“Rustamov jinoiy guruh manfaatlarini ko‘zlab, A. Eshonxodjayevga o‘zi rahbarlik qilayotgan bankka qarashli valyuta ayirboshlash shoxobchalariga qachon va qancha miqdorda valyuta sotuvga chiqarilganligi haqida xabar berib turgan. Qolganlar esa olingan ma’lumotlar asosida shoxobchalar oldida sun’iy navbatni yo‘lga qo‘yib, 20—30 ming so‘m ‘mukofot puli’ evaziga yollangan fuqarolar nomiga davlat kursida AQSh dollarini sotib olgan va valyutalarni ‘qora bozor’da yuqori narxlarda sotish bilan shug‘ullangan. Shu usulda topilgan daromad guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlangan”, — deyiladi xabarda.
Mabodo, guruhga “qarashli” valyuta ayirboshlash shoxobchalari oldida “begona” odamlar paydo bo‘lsa, darhol barzangi yigitlar va janjalkash ayollar ishga kirishib, turli bahonalar bilan janjal chiqarish, kerak bo‘lsa, kuch ishlatib bo‘lsa ham qo‘rqitish orqali ularni navbatga kiritmaslik choralarini ko‘rishgan.
SVOJJDLQK departamentining Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan “Xalq banki”ning Mirzo Ulug‘bek filialiga qarashli valyuta ayirboshlash shoxobchasida o‘tkazilgan tadbirda jinoiy guruh a’zolari “mukofot puli” evaziga fuqarolarni jalb qilgan holda valyutalarni sotib olgan paytda — jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi tomonidan uyushgan guruh a’zolariga nisbatan tegishli hukm chiqarildi.
|