Inson afsus chekmaslik uchun to`rt ishdan o`zini tiyishi kerak: nomunosib odamga vazifa topshirishdan, nokaslarga yaxshilik qilishdan, ishlarda shoshqaloqlikdan, gunohga qo`l urishdan.
* * *
To`rt narsa saodat kalitidir: pok naslu nasab, pok qalb, pok qo`l, pok fikru vujud.
* * *
To`rt kishida hamisha to`rt narsa bo`lmaydi: yolg`onchida muruvvat, baxilda saodat, hasadgo`yda rohat, badfe`l odamda ulug`lik.
* * *
To`rt narsa baxtsizlik belgisidir: yalqovlik, johillik, nokaslik, yolg`izlik.
* * *
To`rt narsa ishlarga ravnaq bag`ishlaydi: buyuklarga yondashish, ezgu fikrlar, adolatpeshalar tadbiri, do`stlar maslahati.
* * *
To`rt narsa kulfat sababchisidir: johillar bilan suhbat, nokaslar bilan do`stlik, surbet odamlar so`zini tinglamoq, nodon ayollar gapiga kirmoq.
* * *
To`rt narsa shaksiz falokat keltiradi: ig`vo, hasad, manmanlik, buzuqlik.
* * *
To`rt narsa insonni zaiflashtiradi: ko`p dushman, ko`p qarz, ko`p ma`shuqa, faqir qarindoshlar.
* * *
To`rt narsa faqat yomonlik keltiradi: kek va hasad, kibr va havo, nafrat va g`azab, kasallik va nopoklik.
Abdulloh Ansoriyning «Tuhfat
ul-muluk» asaridan olindi.