2007-yilda Microsoft kompaniyasidagi lavozimidan ozod etilgan hindistonlik Kunal Bal vaqt o‘tib, o‘z mustaqil ishini boshladi va 1 milliard dollar miqdoridagi daromadga ega bo‘ldi. Bu haqda Wall Street Journal ma’lumotiga asoslanib “RIA Novosti” xabar berdi.
Kunalning Microsoft’dan bo‘shatilishiga Amerika hukumati viza muddatini uzaytirishni istamagani sabab bo‘lgan. Vataniga qaytib kelgan Kunal Bal MoneySaver deb nomlangan chegirmalar kuponi ishlab chiqaruvchi kompaniyaga asos soldi. Ushbu loyihani amalga oshirishda unga maktab davridagi do‘sti Roxit Bansal ko‘maklashdi.
2 yildan so‘ng mijozlar Kunal va Roxitdan keyinchalik Snapdeal nomini olgan internet-do‘kon ochishni so‘radi. Bu internet-do‘kon shiddat bilan rivojlanib, hozirda mamlakatdagi eng omadli loyihalardan biri sifatida baholanmoqda.
‘‘O‘sha vaqtda bizning internet haqidagi yagona bilimimiz o‘z domenimizni qanday qilib ro‘yxatga olish bilangina chegaralangan edi”, — deydi Bal.
Ancha vaqtdan so‘ng mijozlar o‘z tovarlarini internet orqali sotish haqidagi taklif bilan chiqdi. Ikki maktabdosh do‘stning sayti chinakam internet-savdo markaziga aylandi. Ayni vaqtda ushbu saytda mingdan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. Balning so‘zlariga ko‘ra, ularning saytida ishlashni xohlovchilar miqdorida kamchiliklar yo‘q va nomzodlarning uchdan bir qismini amerikaliklar tashkil etadi.
30 yoshli Kunal vaqti-vaqti bilan Amerikaning nufuzli universitetlariga mahsulot bilan ishlash tajribasiga ega bir qancha muhandis, marketolog va menejerlarni jalb qilish maqsadida tashrif buyurib turadi. Balning ta’kidlashicha, bu kadrlar AQShda ham o‘zlariga ish topishi mumkin. Ammo Bal Hindistonda taklif etayotgan kabi yuqori lavozimlarga ega bo‘lishi dargumon.
Aytish kerakki, Kunal aslo boshqalarning ishlaridan nusxa olmagan, biroq bu unga amerikalik hamkasblarining faoliyatini diqqat bilan kuzatishiga halal bermaydi. Bal kuzatuvlaridan shunday xulosaga keldiki, ko‘pchilik Amerika kompaniyalari uchun mobil aloqa foydalanuvchilari muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shu sababli, Kunal Snapdeal mobil dasturini yaratishga qaror qildi. Bu yangilik sharofati bilan hozirda kompaniya 35% daromad olmoqda.
Snapdeal platforma shaklida ishlaydi. Unda chakana savdogarlar tovarlarini sotuvga qo‘yadi. Sayt ro‘yxatga olish uchun yig‘im olmaydi, ammo savdodagi daromaddan ulushga ega bo‘ladi. Faqatgina so‘nggi oyning o‘zida saytning daromadlari 5 baravar oshib 1 milliard dollarga yaqinlashib qoldi.
|