AQSh sobiq prezidenti kichik Jorj Bush o‘z qo‘li bilan chizgan dunyo yetakchilari portretlaridan iborat galereyani ommaga havola etdi. Bu haqda mk.ru xabar bermoqda.
Bushning Texas shtati Dallas shahridagi prezidentlik muzeyida ochilgan ko‘rgazma u bilan uchrashgan dunyo yetakchilari suratlaridan iborat.
Ular orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, postkommunistik Chexiyaning marhum birinchi prezidenti Vatslav Gavel, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler, Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay va Germaniya kansleri Angela Merkel portretlari ham bor.
Kichik Jorj Bush o‘zining prezidentlik davrida dunyoning ba’zi yetakchilari bilan tanishgani va ular haqidagi hislarini tasvirlar orqali aks ettirish xohishi vujudga kelganini ta’kidlagan. O‘z qiziga bergan television intervyuda sobiq prezident o‘zining “buyuk rassom” emasligi, biroq, tanasida “yashirin Rembrandt” yashashini bildirgan.