O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2014 yil 19 martdagi Qaroriga ko'ra jamoat foydalanish joylarida internet tarmog‘idan axborot olish imkonini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Joriy yilning 31-mart kuni kuchga kirgan o‘zgartirishlar internet-provayderlar, ya'ni tijorat asosida internet tarmog‘iga ulanish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga tegishlidir. Nizomda jamoat foydalanish joylari uchun umumiy talablar kengaytirildi. Unga ko’ra, bunday xizmat ko'rsatish joylarining ko‘p qavatli binolardagi yerto‘la yoki yarim yerto‘la qismlarida joylashishi qat’iy taqiqlandi.
Endilikda tashrif buyuruvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida jamoat foydalanish joylarida zarur texnik vositalardan (kompyuterlar, modem, telefon apparatlari va boshqalar) tashqari, videokuzatuv kameralari ham o‘rnatilishi lozim. Shuningdek, provayderlar xavfsizlik yuzasidan, foydalanilayotgan veb-resurslarni qayd etib borishi va uch oy davomida ularni saqlab qo‘yishi kerak.
|