Men hech qachon chiqishimli odam bo`lmaganman. Avvallari bu mening kamchiligim deb yurardim. Bugun esa yutug`im deb bilaman. Men yaxshi bilan ham, yomon bilan ham munosabatga kirishishda shoshilmadim. Ҳammasini vaqtning izmiga qo`yib, jimgina kutdim.
Odamlar to`rt toifada bo`ladilar.
Birinchisi: axlatning yoniga boradi va hidini sezib undan yiroqlashadi.
Ikkinchisi: axlatning yoniga boradi va oyoqlari bilan axlatga tushadi. Keyin axlatga tushganini bilib, oyog`ini tortadi va undan yiroqlashadi.
Uchinchisi: axlatning yoniga boradi va yarmigacha unga botib ketadi. So`ng, yo o`zi harakat qilib yoki o`zgalarning yordami bilan u erdan chiqib oladi.
To`rtinchisi: axlatning yoniga boradi va bor bo`yi bilan unga tushib ketadi. Achinarlisi, u axlatga tushganini sezmaydi. Shunday yashashda davom etaveradi. Agar siz biror narsani tuzning ichiga solib qo`ysangiz, vaqt o`tishi bilan u ham tuzga aylanadi. To`rtinchi odamning holati ham xuddi shunday. U vaqt o`tishi bilan o`zi ham sezmagan holda axlatga aylanadi.
Men bu to`rt toifaning qay biriga mansubman? Xolis javob beraymi? Men bu toifaning uchinchisiga mansub bo`lganman. Qisqagina hayotimda axlatga botgan kunlarim ham bo`lgan. Undan chiqish uchun goh o`zim urindim, goho o`zgalar yordam berishdi. Eng asosiysi, men hozir axlatda emasman. Bir voqea esimga tushdi:
Bir tanishimning tavalludi munosabati bilan kichik bir dasturxon yozildi. Dasturxon atrofida o`tirganlar birin ketin qadah so`zlarini ayta boshlashdi. Menga ham ozgina ichimlikdan quyishdi. Men ham indamay oldim. Lekin o`sha lahzada hayotimda muhim voqea yuz berdi.
Mendan biroz narida o`tirgan ayol menga juda taajjublanib qaradi va "Siz ham ichasizmi?!”, dedi. Men o`shanda u ayolga nima deb javob berishga ikkilanib qoldim. javob o`rniga sovuqdan-sovuq iljaydim.
Keyinchalik ayolning savoli haqida ko`p o`yladim. O`ylarim meni bu yomon odatdan voz kechishimga olib keldi va endi men umrimning og`usiz o`tgan har lahzasi uchun o`sha ayolga tashakkur aytaman.
Aslini o`ylab qarasak, bunday savollar deyarli har kuni bizga kimlardir tomonidan bir necha marotaba beriladi. Lekin biz ularning aksariyatini javobsiz qoldiramiz… javobsiz qolgan savollar esa bizning hayotimizdagi bo`shliqlardir...
Abdukarim Mirzaev