25—26-may kunlari O‘zbekiston hududida 2 marta zilzila kuzatilgani haqida avvalgi maqolalarimizda xabar berib o‘tgan edik. Ketma-ket ro‘y bergan yer silkinishlari aholi orasida turli mish-mishlarning tarqalishiga sababchi bo‘ldi. Emishki, kelayotgan 1-iyun kuni Toshkentda 1966-yili sodir bo‘lgani kabi kuchli zilzila kuzatiladi va davlat qutqaruv xizmatlari bunga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Uz24.uz sayti ushbu savol yuzasidan O‘zbekiston seysmologiya institutiga murojaat qilganida, institut kompleks ekspeditsiyasi rahbari Ulfat Nurmatov, zilzilani bir necha kun avval bashorat qilish mumkin emasligi, shuning uchun har xil gap-so‘z va mish-mishlar ta’siriga tushmaslik kerakligini ta’kidlagan. 1-iyun kuni esa hech qanday zilzila kutilmayotganligi, shuning uchun vahimaga o‘rin yo‘qligini aytib o‘tgan.
Aziz yurtdoshlar, ijtimoiy tarmoqlar va o‘zaro suhbatlarda tilga olinayotgan bunday xabarlarga ishonmang. Ular shunchaki mish-mish va hech qanday asosga ega emas. Barchangizga osoyishtalik tilab qolamiz!