Nissan kompaniyasining haydovchisiz yura oladigan yangi avtomobili Yaponiyadagi CEATEC ilg‘or texnologiyalar ko‘rgazmasida namoyish etildi. Ko‘rgazma hududida ishlab chiqaruvchi tomonidan bir necha chorrahali namoyish yo‘lkasi barpo etilgan bo‘lib, unda turli xavfli vaziyatlarda avomobil o‘zini qanday tutishini kuzatish imkoniyati yaratildi. Avtopilotli avtomobilning ilk yo‘lovchilaridan biri Renault-Nissan konserni rahbari Karlos Gon bo‘ldi.
Konsern rahbari avtopilot yaratish loyihasini shaxsan nazorat qiladi va bu yo‘nalishdagi yangi ishlanmalarni bevosita o‘zi sinovdan o‘tkazadi, deb xabar beradi "Vesti.ru” nashri.
"2007-yildayoq men Nissan 2010-yilga kelib zaharli chiqindilar miqdori nolga teng avtomobillarni yalpi ishlab chiqarishni boshlaydi, deb va’da bergan edim. Hozirda bizning Nissan Leaf avtomobilimiz soha tarixidagi eng ko‘p sotiladigan elektromobilga aylandi. Endi biz yangi innovatsion texnologiyamiz – avtomatik boshqaruv 2020-yilga borib hammabop texnologiyaga aylanishiga va’da beramiz”, — deb aytgan Karlos Gon.
Nissan hozirdayoq avtomatik boshqaruv tizimining alohida tarkibiy bo‘limlarini umumiy foydalanishdagi yo‘llarda sinamoqda: Yaponiyada sotilayotgan Nissan Leaf ba’zi harakatlarni haydovchining ishtirokisiz amalga oshira oladi.
Avtopilotli Nissan Leaf taqdimotida Toyota rahbari Akio Toyoda ham qatnashganligi e’tiborli. Bu kompaniya CEATEC ko‘rgazmasiga shahar uchun mo‘ljallangan uch g‘ildirakli, an’anaviy boshqariladigan i-Road elektrokarini olib kelgan bo‘lsa-da, avtopilot g‘oyasi Toyota mutaxassislarini ham tinch qo‘ymayotgani shubhasiz.