Astronomlar hozirda Quyosh sistemasida kezib yurgan ISON kometasini kuzatishmoqda. U 28-noyabr kuni Quyoshga eng yaqin masofadan uchib o‘tgan va issiqlik ta’sirida shaklini o‘zgartirgan.
Rossiya Federatsiyasi Bosh (Pulkovo) astronomik observatoriyasi matbuot kotibi Sergey Smirnovning ITAR-TASSga xabar qilishicha, 28-noyabrdagi Quyoshga yaqinlashuvdan keyin kometa yorqin nuqta shaklida emas, balki cho‘zinchoq xira bulut tarzida ko‘ringan. Ammo uning "dumi” ham yo‘qolib ketmagan, demak, yuqori harorat ta’sirida bug‘lanish yoki parchalanish yuz berib, natijada kometa yadrosi yirik bo‘laklarga bo‘linib ketgan.
Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, parchalanish oqibatida ISON kometasining tezligi va yo‘nalishi o‘zgargan. Agar o‘zgarmaganida edi, u Yer orbitasini 24-dekabrda kesib o‘tishi lozim edi, ammo endi u aynan Yangi yil bayramida sayyoramiz bilan "uchrashishi” taxmin qilinayotir. Shu bois aynan yil almashadigan tunda va 2—4-yanvarda meteor faolligi kuzatilishi kutilmoqda. Kometaning ko‘plab parchalari Yer atmosferasiga kirishi bilan yonib yo‘q bo‘ladi, bu esa mushakbozlikka o‘xshab ko‘rinadi. Ammo yirikroq parchalar sayyoramizga kelib urilishi, ya’ni meteorit yomg‘iri yuz berishi ham ehtimoldan xoli emas. Bu ehtimolliklarni aniqlash uchun astronomlar 4-, 16- va 24-dekabr kunlari kometani kuzatishadi.
Darvoqe, ISON kometasining tashrifi sayyoralar paradi pallasiga to‘g‘ri keladi. "4-yanvar kuni Merkuriy, Venera, Yer, Yupiter va Pluton sayyoralari Quyoshga nisbatan bitta chiziqqa tizilishadi, bu esa juda kam uchraydigan hodisa”, — deydi Sergey Smirnov.
Shuningdek, "Vzglyad” nashri ma’lumotiga ko‘ra, ISON kometasini o‘tgan yilning 21-sentyabrida Petrozavodsk universiteti observatoriyasining ilmiy xodimi Artem Novichonok kashf etgan.