Poytaxtimizda yangi Next deb nomlangan savdo-ko‘ngilochar markazi 25-dekabr kuni ochilishi kutilmoqda. Bu haqda "Uz24” nashri xabar berdi.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, savdo markaziga tashrif buyuruvchilar keng turdagi yuqori sifatli mahsulot va xizmatlar, taomlardan bahramand bo‘lishi mumkin.
Yangi majmuaning o‘ziga xos jihati sifatida u yerdagi bolalar uchun tashkil qilingan Fan muzeyi tilga olinmoqda. Xabarda ta’kidlanishicha, muzeyda bolalarga qiziqarli kimyoviy tajribalar namoyish etiladi.
Bundan tashqari, savdo markazi tomida tomosha maydoni joylashgan bo‘ladi. U yerdan poytaxtimiz markazi manzarasi ko‘rinib turadi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, majmuada qandolat sexi ham bo‘lib, u yerda turli shirinliklar tayyorlanadi.
UzDaily ma’lum qilishicha, savdo markazi poytaxtning Bobur ko‘chasida joylashgan Ikkinchi Toshkent poyabzal fabrikasi o‘rnida qurilgan. Majmuaning umumiy maydoni 2,5 gektardan iborat. Unda 500 o‘rinli avtomobil to‘xtash joyi ham bor.
Supermarket qarshisida musiqali favvora va attraksionlar ham joylashadi. Bu yerdagi xiyobonda sayr qilish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 8-dekabr kuni Toshkentdagi "eng katta va eng zamonaviy” deb ta’riflangan "Makro” savdo markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uning o‘ziga xos jihati sifatida u yerda bouling klubi va 5 qavatli avtomobillar to‘xtash joyi borligi ko‘rsatilmoqda.
Bundan tashqari, noyabr oyi oxirida Toshkent shahri chekkasida, "Janubiy” temir yo‘l vokzalining qarama-qarshi tomonida olti qavatdan iborat ko‘p tarmoqli ko‘ngilochar-savdo majmuasi qurilayotgani xabar berilgan edi. Majmuaning qaysi sanada ishga tushishi ham noma’lum. Ba’zi taxminlarga kora, u kelasi yil fevral oyida ochilishi mumkin.