O‘zMTRK tarkibida to‘rtta yangi telekanal ochilishi, ulardan ikkitasi — "Navo” va "Kinoteatr” o‘z faoliyatini boshlagani haqida avval xabar bergan edik. Ishchi nomlari "Hududlar” va "Oilaviy” bo‘lgan qolgan ikkita kanal dekabr o‘rtasida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zMTRKdagi ishonchli manbalarimiz xabar beradi.
"O‘zbekiston” telekanali bazasida ochiladigan "Oilaviy” kanali orqali oilaviy qadriyatlar mavzusiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar namoyish etiladi. Bunday dasturlardan biri "Mulohaza uchun mavzu” deb atalishi ko‘zda tutilgan.
"Madaniyat va Ma’rifat” qoshida tashkil etiladigan "Hududlar” telekanali esa respublikadagi barcha viloyatlar hayotiga oid ko‘rsatuvlarni uzatish bilan shug‘ullanishi ma’lum qilindi.
Ayni paytda har ikkala telekanalni ishga tushirish ustida izchil ish olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz "Navo” va "Kinoteatr” telekanallari 14-noyabr kuni ishga tushdi. So‘nggi bir yil ichida O‘zMTRK tasarrufida turli mavzulardagi telekanallar soni ko‘payib bormoqda. 2013-yilning yanvarida "Madaniyat va Ma’rifat” hamda "Dunyo bo‘ylab” telekanallari, 2013-yilning yozida "Bolajon” telekanali ("Yoshlar” telekanali qoshida) o‘z faoliyatini boshlagan edi.