“Biomexanik jarayonlarni matematik modellashtirish” mavzusida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olimning tadqiqot natijalari jam bo‘lgan 20 dan ortiq ilmiy maqolalari jurnal va ilmiy to‘plamlarda chop etildi. Uning nazariy qarashlari ko‘plab yetakchi olimlar diqqat-e’tiboriga tushdi.
— Nurbek juda tirishqoq va intiluvchan, — deydi fizika-matematika fanlari doktori, professor Qurolboy Navro‘zov. — Uning ilmiy tadqiqot ishida yurak va vena qon tomirlarining ishlash mexanizmi biomexanik nuqtai nazardan tahlil etilgan. Yurakning chap qorinchasi kesik aylanma ellipsoid shaklga egaligi, qonni harakatga keltirishdagi eng optimal darajadaligi isbotlangan va uning matematik modeli yaratilgan. Shogirdimning ilmiy izlanishlarida birinchi bo‘lib yurak va vena qon tomirlari harakati, uning reallikka yaqin bo‘lgan matematik holati modellashtirilgan.
Ayni vaqtda Nurbek Xo‘jatov Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi funksional tashxislash bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Regina Bekbulatova hamda markazning Xorazm viloyati filiali xodimlari bilan hamkorlikda tadqiqotini davom ettirmoqda. Bu yo‘nalish bo‘yicha 2012—2016-yillar davomida bajarilishi mo‘ljallangan “Yurak biomexanikasi va uning tatbiqlari” mavzusidagi fundamental ilmiy izlanishi uchun 150 million so‘m miqdorida davlat granti ajratilgan.