Kecha "Xalq so‘zi” va "Narodnoye slovo” gazetalarining saytlari bangladeshlik xakerlar hujumiga uchragani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, bunday hujumlar oktabr oyida "Mezon” va "Bezoom” nashrlari saytiga ham uyushtirilganligi xabar berilgan edi.
iLike blogi ushbu xakerlik hujumlarining sababiga oydinlik kiritdi. Ma’lum bo‘lishicha, yuqorida keltirilgan saytlarning barchasi Joomla texnologiyasi (CMS) yordamida yaratilgan bo‘lib, uning ba’zi zaif jihatlari mavjud. Internet tarmog‘ida bunday kamchiliklarni qidirib kezib yuradigan robotlar uni topib olib, "buzib” kiradi va u yerga o‘z fayllarini joylaydi. Shunday ekan, bo‘lib o‘tgan xakerlik hujumlarida qandaydir yashirin maqsadlar borligini gumon qilishga hojat yo‘q.
Blogning yozishicha, xakerlik hujumi natijasida sayt faoliyatiga jiddiy zarar yetadi. Biroq uning yordamida sayt ma’muriyati o‘z manbalarining xavfsizligida mavjud bo‘lgan kamchiliklarni ko‘rib, tuzatish imkoniga ega bo‘ladi.