WhatsApp dasturi orqali navbatdagi shov-shuvli video tarqaldi. "Sayyod nashri xabar berishicha, bu gal o‘zbek xonandalaridan Shohjahon Jo‘rayev WhatsApp "tuzog‘iga ilindi”. Ushbu video 11 soniya davom etsa-da, bir to‘yda puldan yasalgan gulchambar, yoxud "pulchambar” taqib qo‘shiq kuylayotgan Shohjahonning savlatidan "bahramand bo‘lishga” ulgurasiz.
Ushbu xabardan voqif bo‘lgan san’atkor va uning ma’muri nashr bilan bog‘lanib, voqeaga izoh berishga shoshildi. Xonanda ushbu sahna bundan ikki yilcha avval bir to‘y xizmatida sodir bo‘lganini, "pulchambar”ning aslida unga emas, to‘y egasiga atab to‘yona sifatida berilganini ma’lum qildi. "To‘y egasi xizmatimizdan quvonib… buni menga lozim ko‘rib taqib qo‘ydi”, — dedi Shohjahon.
Biroq chambarni tezda yechib qo‘yganini va to‘y egasiga o‘zi qayta taqib qo‘yganini ta’kidladi. Jo‘rayev uni videoga olib turishganini sezganini aytdi. "Albatta, chunki oddiy otarchiniyam hozir telefonga olaverishadi. Bularning hammasini quvib yurish iloji yo‘q-ku”, — deya qo‘shimcha qildi san’atkor.
Nima ham derdik, bugungi kunda har qadamimizda ehtiyot bo‘lmasdan iloj yo‘q. Sal "qiyshiq” ketgan qadamimizni keyin o‘zimiz WhatsApp’da tomosha qilib yurmaylik!