Oliy Rada tomonidan mamlakat bosh vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Vitaliy Yarema hukumat yig‘ilishida so‘zga chiqib, Ukraina armiyasi to‘liq jangovar shay holatga keltirilganligini ma’lum qildi. Bu haqda "ITAR-TASS” xabar bermoqda.
"Vaziyat murakkab bo‘lishiga qaramasdan, Qurolli kuchlar to‘liq jangovar shay holatga keltirildi, umumukraina harbiy o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi”, — dedi u.
Shuningdek, Yarema mamlakat ichki qo‘shinlari negizida Ukraina Milliy gvardiyasini yaratish masalasi ham ko‘rib chiqilayotganligini aytdi. "Aminmanki, so‘nggi to‘rt yil mobaynida Ukraina mudofaasi va milliy xavfsizligini yemirish ishlari davom etgan bo‘lsa-da, hozirgi murakkab vaqtda armiya Ukraina oldidagi o‘zining yuksak majburiyatlarini ado etadi”, — deya ta’kidladi u.
Bosh vazir o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida "prokuratura organlari tergov-surishtiruv ishlarini boshlashlari va Mudofaa vazirligi tizimlarida harbiy mulkning talon-taroj etilishiga aloqador bo‘lgan har bir shaxsni javobgarlikka tortishlari darkor”.
Oliy Rada tomonidan Ukraina prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan parlament spikeri Aleksandr Turchinovning 11-mart kuni xabar berishicha, mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi ichki qo‘shinlar negizida Milliy gvardiyani shakllantirish haqida qaror qabul qilgan. Shuningdek, mazkur kengash Qurolli kuchlarga va Milliy gvardiyaga qisman safarbarlik e’lon qilish to‘g‘risida ham qaror chiqargan. "Faqatgina allaqachon armiyada harbiy xizmatni o‘tagan ko‘ngillilarni safarbar qilamiz”, — ta’kidlagan Turchinov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi yangi tarkibning barcha birlamchi ehtiyojlarini qoplaydi. Biroq baribir Ukrainaga texnik va harbiy ko‘mak zarur. "Oliy Rada yig‘ilishidagi birinchi masala – bizning xavfsizligimiz kafolati bo‘lgan mamlakatlarga o‘z majburiyatlarini bajarish bo‘yicha murojaat etish masalasidir”, — deya e’lon qildi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turchinov Qrimga qo‘shin kiritmasligini ma’lum qilgan.