2016-yilning oxirigacha Toshkent shahri avtobuslarida yo‘lkira haqini avtomatik tarzda to‘lash tizimi joriy etiladi. Bunda avtobuslarda o‘rnatilgan turniketlar maxsus to‘lov kartalaridan yo‘lkira haqini yechib oladi. "Toshshahartransxizmat” uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur tizimni sinash ishlari allaqachon boshlab yuborilgan, deb yozadi "UzReport” axborot agentligi.
Bundan tashqari, joriy yilning oxirigacha poytaxtda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi barcha avtobuslar GPS-monitoring tizimiga ulanadi. Mazkur tizimning bir qator ustunliklari mavjud.
Jumladan, sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi orqali tizimdagi transport vositasining har bir harakatini kuzatish mumkin. Harakat yo‘nalishlarini kuzatish, avtobusning rejadagi vaqtidan keyin qolib yoki ilgarilab ketishini, to‘xtab turishini aniqlash, barcha kuzatishlar asosida transport ishini yaxshilash mumkin.
Xususan, haydovchilarning xizmat intizomini nazorat qilishda, avtobuslardan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanishning oldini olishda GPS-monitoringning ahamiyati katta.
Ta’kidlash kerakki, monitoring tizimining dasturiy qismlari o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan. Ularga qo‘shimcha funksiyalar ham kiritilgan, jumladan, transport vositasining ish boshlash va tugatish vaqtini nazorat qilish, haydovchi bilan aloqa o‘rnatish, xavf haqida oldindan ogohlantirish imkoniyatlari mavjud. Zarurat tug‘ilganida avtobus dvigateli va eshiklarini masofadan turib bloklab qo‘yish funksiyasi esa dispetcherga transport vositasini to‘liq nazorat qilish imkonini beradi.
2012-yili O‘zbekistonda sinov tariqasida shaharlararo yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarda GPS-navigatorlar o‘rnatilgan va foydalanila boshlagan edi. 2013-yilning may oyida GPS-datchiklar Toshkentda faoliyat yuritayotgan sakkizta yo‘nalishdagi 95 ta avtobusga o‘rnatildi. Hozirgi paytda navigatorlar bilan jihozlangan transport vositalarining soni 300 tani tashkil etadi.