Toshkent shahrida taksichi o‘z mashinasiga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan qizga nisbatan talonchilik jinoyatini sodir etdi. U yo‘l haqini kelishib, qizni manzili sari olib ketayotib, avval unga tanishishni taklif etgan, deb yozadi "Pravda Vostoka” gazetasi.
Haydovchining: "Tanishamizmi?” degan gapidan qiz hayron bo‘lgan va o‘zidan kamida o‘n yosh katta "yigit”ning taklifini rad etgan. Ammo bu gapdan haydovchi o‘zini haqoratlangan his etib, birdaniga avtomobilini to‘xtatib, qizga tushishni buyurgan. Ikki orada baqir-chaqir boshlangan, haydovchi qizning sumkasida katta miqdordagi pul borligini ko‘rib qolib, sumkaga ham chang solgan. Keyin uni mashinasidan itarib tushirib, o‘zi voqea joyidan qochib qolgan.
Ammo ko‘p o‘tmay, jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari talonchi haydovchini qo‘lga olishgan. Sudning qora kursisida o‘tirar ekan, u o‘zini oqlash uchun, qizning qo‘lidan faqat yo‘lkira haqini yulib olganini, boshqa pullariga tegmaganini aytar edi. Biroq uning bahonalari o‘tmadi, aybi aniq dalillar bilan isbotlandi. Qizga avval shilqimlik, keyin talonchilik qilgan haydovchiga nisbatan sud uch yillik jazo belgiladi.