"Podrobno” nashrining xabar berishicha, asli qo‘qonlik bo‘lgan Mohira bir necha yil avval Toshkent shahriga keladi va pul topishning oson yo‘llarini qidira boshlaydi. Avvaldan qo‘lini sovuq suvga urishni yoqtirmaydigan bu ayol muqaddam ikki bora sudlangan, biroq amnistiya tufayli ikki marta ham jazodan qutulib qolgan edi.
Bu safar u yolg‘iz emas, ikki dugonasi — Go‘zal va Muxlisa bilan "ish boshladi”. Ularning "ish”i odamlar ishonchiga kirib olish va ularning cho‘ntagini quritishdan iborat edi.
Guruhning birinchi qurboni Nosir bo‘ldi. Mohira uni Sergeli bozoridagi "tanishi” yoniga olib borib, Nexia avtomobilini arzon-garovga sotadi. Pulning bir qismini oldindan to‘lab, qolganini bir yil davomida uzish "imkon”ini beradi. Pul to‘liq to‘langachgina, mashina uning nomiga rasmiylashtirilishini va’da qilib, hozircha ishonchnoma yozib berishadi.
Kelishilganidek, Nosir bir yil davomida qarzini berib boradi, biroq muddat kelganida, Sergelidagi sotuvchi yigit unga mashina oldi-sotdisi bo‘lmaganini ma’lum qilib, uni qaytarib olib kelishni buyuradi.
Mohira va uning jamoasi Zuhra ismli ayolni ham shu yo‘l bilan aldab ketishga muvaffaq bo‘ladi. Faqat bu safar aldov ikki xonali kvartira vositasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, jinoiy guruh oliy o‘quv yurtiga kirishga "yordam berish” bahonasida Gulloladan mo‘maygina daromad undirib oladi.
Ushbu firibgar ayollar tezda poytaxtda qo‘lga olindi. Guruhga nisbatan turli faktlar bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, tergov ishlari amalga oshirildi. Ish bo‘yicha materiallar sudga yo‘naltirildi.