Poytaxtdagi avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida so‘nggi vaqtlarda navbatlar kuzatilayotgani haqida avval xabar bergan edik. Muxbirlarimizdan birining xabariga ko‘ra, Toshkent AYoQShlarida benzin taqchilligiga chek qo‘yilib, navbatlar bartaraf etildi.
UzGazOil AYoQShlaridan birida benzin erkin savdoda. 15-noyabr, soat 21:00. Foto: Daryo
10-noyabr kuni "O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi rahbariyati o‘z saytida benzin tanqisligi sabablariga rasman to‘xtalib o‘tdi va mazkur holatning kompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan omillar natijasida yuzaga kelayotganini ta’kidlagan edi.
Benzinning narxi oshishi haqida xalq orasida tarqalgan shov-shuv bunday omillarning birinchisi sifatida tilga olingan va bunga javoban, avtobenzin narxi yil oxirigacha ko‘tarilmasligi ta’kidlangan.
Tanqislikning ikkinchi sababi ham gap-so‘zlar bo‘lib, u dekabr oyida AYoQShlarda benzinning umuman bo‘lmasligi haqidadir. "Bu xususda "O‘zneftmahsulot” shuni ishontirib ma’lum qiladiki, — deb qayd etiladi xabarda, — dekabr oyida ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobidan AYoQShlarga nafaqat rejalashtirilgan miqdorda, balki unga qo‘shimcha miqdorda ham avtobenzin yetkazib berish mo‘ljallanmoqda”.
Navbatdagi omil sifatida kompaniya statistik ma’lumotlarni keltirib o‘tgan. Unga ko‘ra, avtomobillar soni yildan-yilga ortib bormoqda, bu o‘z-o‘zidan yoqilg‘i iste’molining ham ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mish-mishlar va benzin taqchilligiga chek qo‘yildi.