Toshkent shahridagi chorrahalarga o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlash bo‘yicha videofiksatsiya kameralari sinov tartibida ishlamoqda. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari muovini Mansur Rihsiyev “Daryo” nashriga ma’lum qildi.
Mansur Rihsiyevning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil davomida Toshkent shahridagi serqatnov chorrahalarga birinchi navbatda o‘rnatilgan foto va videofiksatsiya kameralari ayni vaqtda sinov tartibida ishlamoqda.
YHXBB vakilining qayd etishicha, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani foto- va videofiksatsiya uskunalari yordamida aniqlangan haydovchilarga nisbatan jarimalar qo‘llash mexanizmi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda mexanizmning dasturiy ta’minoti yanada takomillashitirilmoqda.
“Foto- va videofiksatsiya vositalari orqali aniqlangan qoidabuzarliklarga nisbatan jarimalar qo‘llash amaliyoti to‘liq tartibda ishga tushishidan 10 kun avval bu haqda OAV orqali jamoatchilikka axborot beriladi”, — dedi Mansur Rihsiyev.
Ma’lumot uchun, 2016-yil 1-martdan e’tiboran O‘zbekistonda Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahriri kuchga kiradi. Qoidalarning yangi tahriri “Foto- va videofiksatsiya” axborot-ishora belgisi bilan to‘ldirilgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
|