Ichki ishlar bo‘limining Toshkent metropolitenini qo‘riqlash bo‘yicha batalyoni boshlig‘i podpolkovnik Ruslan Irnazarov "Postda” gazetasiga bergan intervyusida poytaxt metropolitenida barcha reklamalarning olib tashlangani sababi va fuqarolar xavfsizligi uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lum qildi. Bu haqda "Podrobno” nashri yozdi.
Ruslan Irnazarovning aytishicha, ayni vaqtda metropolitenning barcha bekatlarida qo‘shimcha videokameralar keng kuzatuv uchun o‘rnatilmoqda. Ichki ishlar xodimlari va kameralarning mavjudligi amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, aholi tartibini kuzatishda ijobiy samara beradi. Hamda huquqbuzarliklarga moyil odamlarga to‘siq vazifasini o‘taydi, shu bilan birga, fuqarolarda o‘zining xavfsiz va himoya ostida ekanligiga ishonch uyg‘otadi.
Podpolkovnik yer osti yo‘llarida reklamalarning olib tashlangani sababini yo‘lovchilarning diqqatini chalg‘itishi bilan bog‘ladi. "Yo‘lovchi reklamaga qarab turib, yon-atrofida kimdir qoldirib ketgan sumkani ko‘rmasligi yoki boshqa yo‘lovchilarning o‘zini g‘alati tutayotganiga e’tibor bermasligi mumkin. Shuning uchun, fuqarolarni ogohlikka, hushyorlikka chaqirish, ularning xavfsizligi ko‘p hollarda o‘zlariga bo‘gliqligini eslatish maqsadida metrolarda reklamalar olib tashlandi”, — deydi podpolkovnik.
Shuningdek, intervyuda Toshkent metropolitenlarida davlat mulkiga ziyon yetkazish, bezorilik, o‘g‘rilik kam uchrashi, biroq, yer osti transportidan foydalanish qoidalarini buzish, taqiqlangan narsa-buyumlarni olib kirishga urinish hollari tez-tez sodir bo‘layotgani tilga olingan.
Bundan tashqari, IIB xodimlari yo‘lovchilar sumkasini ochib ko‘rsatishni so‘raganda, buni to‘g‘ri tushunib, aynan o‘zlarning xavfsizligi uchun shunday qilinayotganini anglagan fuqarolarimiz bilan birga, bunga qarshilik ko‘rsatuvchilar ham topilishi ta’kidlab o‘tilgan. Shunday holatlardan biri "Chilonzor” metro bekatida sodir bo‘lganligiga misol keltiriladi. Voqeaga ko‘ra, IIB xodimi bir yo‘lovchidan sumkasini ochishni so‘raganda, u talmovsiranib, qochishga uringan. Lekin unga quvib yetib olgan xodim, sumkani tekshirganda, undan narkotikka o‘xshagan modda topilgan.
Qolaversa, bekatlarda yo‘lovchilar sumkalarini, muhim hujjatlar va boshqa qimmatbaho buyumlarini esdan chiqarib qoldirib ketish hollari ham yuz berayotganligi qayd etiladi maqolada.
Nashrning qayd etishicha, shu yilning 9 oyi mobaynida metropoliten hududida 2756 nafar kishi ma’muriy intizomni buzgan, 1560 nafar kishi shaxsi aniqlanishi uchun IIBga olib kelingan, 36 nafar kishi yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan.