Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida istiqomat qiluvchi to‘rt nafar yosh va ishsiz yigitlar kun kechirishning oson yo‘lini tanladi: ular kechalari "ov”ga chiqib, aholini tunay boshladi. Bu haqda "Podrobno” nashri xabar qildi.
Qarindoshlarinikidan o‘z uyiga qaytayotgan Ulug‘bek bosqinchilarning birinchi qurboniga aylandi. Uni ovloq joyda tutib olishib, qattiq do‘pposlashdi. Natijada Ulug‘bek nafaqat yonidagi 50 ming so‘m pul va uyali telefonidan ajraldi, balki qattiq jarohat ham oldi.
Bunday "yog‘li” ish yigitlarga yoqib tushdi. O‘zlarining keyinroq tan olishicha, ularga oson yo‘l bilan topilgan daromaddan tashqari, boshqalarga zo‘ravonlik qilish ham rohat bag‘ishlagan.
Bu orada oshnalar yana bir o‘ljani qo‘lga kiritdi: bu gal ularning qurboniga aylanganlar ikki talaba yigit edi. Talabalar ham avvalgi yigit singari hamyonlaridan va mobil telefonlaridan ajraldi.
Biroq, tezda bezorilar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan bosqinchilik va o‘g‘rilik faktlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi va To‘rtkul tuman sudi qarori bilan ularning to‘rtalasi ham qamoq jazosiga mahkum qilindi.