Tyuring testi bir odamning bitta kompyuter va yana bir kishi bilan aloqada bo‘lishini nazarda tutadi. Savollarga berilgan javoblarga qarab, u inson bilan yoki kompyuter bilan suhbatlashayotganini aniqlashi kerak bo‘ladi. Kompyuter dasturining vazifasi kishini chalg‘itib, savol berayotganlarning 30 foiz va undan ortig‘ini noto‘g‘ri tanlov qilishga undashdan iborat.
Bunday test avval ham bir necha marta o‘tkazilgan, biroq qandaydir sabablarga ko‘ra muvaffaqiyatli amalga oshmagan edi.
Mail.ru xabar berishicha, yaqinda ushbu test rossiyalik dasturchi Vladimir Vesyolov va ukrainalik Yevgeniy Demchanko tomonidan yaratilgan dastur orqali amalga oshirildi. U jonli hamsuhbatlarining 33 foizini o‘zining odam — 13 yoshli odessalik o‘spirin Yevgeniy Gustman ekaniga ishontirgan.
Ta’kidlash joiz, ishlab chiqilgan dasturni sun’iy intellekt deb bo‘lmaydi, u shunchaki skriptlar jamlanmasidir. “Biroq biz haqiqatga yaqin individuallik yaratish uchun ancha ter to‘kdik”, — dedi Vesyolov.