Ayol kishi uchun shampun xarid qilish, aynan kerakli turini topish vaqti kelganda haqiqiy muammoga aylanadi.
Ko`pgina ayollarimiz va qizlarimiz bu vaziyatga tushgan bo`lsalar kerak. Shubhasiz, qidirgan shampunning turi topilgan, do`kondan ham xarid qilib uyga olib kelingan, ko`rinishi, ustida batafsil yozilgan ma`lumot, xaridorni to`la qoniqtirgan desak ham bo`ladi, lekin amalda esa shampundan foydalangandan so`ng kutilgan natija bo`lmagan. Natijada qancha pul sarflaganiga qaramay, ko`ngli o`ksigani qoladi. Ammo har doim ham shampun ishlab chiqaruvchilardan xafa bo`lmang, kimdan xafa bo`lay deysizmi, albatta, o`zingizdan-da, chunki siz sochlaringiz yoki uning terisiga to`g`ri kelmagan shampun tanlaganingizda mana shunday kutilmagan natija kelib chiqishi mumkin.
Oldindan bilib oling
Agar yuz teringiz quruq bo`lsa, sochlar ham quruq bo`lishga moyildirlar. Yoki buning aksi, yuz terisi yog`li bo`lsa, u holda sochlar ham shu turga mansub bo`lishi kuzatib kelingan.
Odatda normal ko`rinishdagi sochlarga yuvilgandan so`ng uch kun davomida silliq, toza va yaltirab turadiganlarni kiritish mumkin. Ba`zi hollarda sochlarning aralash turlari ham uchraydi, albatta, bu ranglar ma`nosida emas.
Sochlar va bosh terisining turi boshdagi hamda butun tanamizning yog` bezlari ishi bilan bog`liq bo`ladi. Erkaklarning sochlari esa aksariyat hollarda yog`li bo`lishga moyil. Bu ularning gormonal va genetik tuzilishi bilan bog`liqdir.
Shampunni qanday to`g`ri tanlash lozim?
Shampunni eng avvalo sochlaringizning turiga bog`liq ravishda xarid etishingiz lozim. Undan tashqari, sotib olayotgan shampuningizdan qanday natija kutmoqdasiz, ana shuni oldindan aniqlab oling. Masalan, sochlaringiz bo`yalgan, deylik. Ular ancha quruq bo`lib, bosh terisi buyalgandan so`ng aziyat chekkan. Bunda sizga bo`yalgan sochlar uchun mo`ljallangan shampun to`g`ri keladi. Ular bo`yalgan sochlar uchun maxsus shampun deb ataladi. Uning tarkibiga turli moylar, jumladan, namlantiruvchi vositalar: kokos yoki zaytun yog`lari bo`ladi. Undan tashqari, ayrim shapunlar tarkibida mavjud bo`lgan V5 provitamini (pantenol) ham namlashtiruvchi xususiyatga ega bo`lib, bosh terisini yumshatadi. E vitamini sochlarning rangini hamda bosh terisini himoya qiladi, UV-filtrlari bilan birgalikda sochlarni bo`yash jarayonidan so`ng bosh terisining tez tiklanishiga yordam beradi.
Agarda shampun xarid qilishda sochlaringizning o`sishini niyat qilgan bo`lsangiz, u holda shunga muvofiq bo`lgan hajm bag`ishlovchi shampunga e`tiboringizni qaratishingiz tabiiy. Shampunga bunday xislatni keratinlar bag`ishlaydi, ular sochlarni yuvish jarayonida ularga oro berish vositasi sifatida ta`sir etadi. Sutli proteinlar, yuqori molekulyar polimerlar bilan hamkorlikda har bir soch tolasini maxsus qobiq bilan o`rab chiqib, ularni tez o`sishiga yordam beradi.
Quruq sochlar maxsus parvarishga juda muhtojdir. Ular uchun faqat maxsus quruq sochlar uchun degan yozuvli shampunlar xarid qilish kerak. Turli moylar soch tolalarini ko`rinmas himoya qatlami bilan o`rab olib, ularga silliqlik va taranglikni qaytaradi. Pantenol va biotin esa bosh terisi hamda sochlarni namlantiribgina qolmay, bosh terisining qurishi, teri ko`chishi, sochlarning gullab ketishi va to`kilishidan asraydi.
Kamola Ahmedova tayyorladi.