Sevara Nazarxon yangi albom ustida ishlayotgani, uning "Pisma” ("Maktublar”) deb atalishi haqida avval xabar bergan edik.
Ma’lum bo‘lishicha, albom allaqachon sotuvga chiqarilib, Rossiya xit-paradlarini zabt etishga ham ulgurgan. Intermedia axborot agnetligining xabariga ko‘ra, "Pisma” Muz.ru portalining eng ommabop albomlari yigirmataligida yetakchilik qilmoqda. Ta’kidlash joiz, u Bi-2, Robbi Uilyams, Eminem, Keti Perri, Ledi Gaga kabi dunyoning mashhurlari albomlarini ortda qoldirgan.
Shuningdek, "Pisma” albomidan joy olgan alohida qo‘shiq — "Strannitsa — lyubov” ("Darbadar sevgi”) ham Muz.ru’ning "Yigirmata eng ommabop qo‘shiqlar” ro‘yxatida birinchi pog‘onani band etdi.
Sevara Nazarxon o‘z ijod namunalari keltirgan bu yutuqdan faxrlanib, Facebook’dagi sahifasida muxlislariga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, xonandaning yangi albomini tarmoqning Musiqa do‘koni (Music Store)dan xarid qilish mumkin. Albomga 13 ta yangi qo‘shiq kiritilgan bo‘lib, ular orasida "V etom sne” (В этом сне), "Sumerki” (Сумерки), "Nayti i poteryat” (Найти и потерять), "Ya bez nego” (Я без него) kabi qo‘shiqlar o‘rin olgan. Albomdagi har bir trekni 0,99 dollar evaziga yuklab olish mumkin.