Samsung kompaniyasi Galaxy S4 yonib ketishi hodisasini bosdi-bosdi qilishga harakat qildi. Buning evaziga smartfon egasiga yangi qurilma berishga va’da berdi. Natijada bu hodisadan yanada ko‘proq kishi xabardor bo‘ldi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Dekabr oyi boshida Richard Vaygand ismli yigit YouTube tarmog‘iga videolavha joylashtirdi. Unda nosozlikka uchragan Samsung Galaxy S4 namoyish etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Richard telefonni zaryad olishga qo‘yib, uxlashga yotgan. Kuygan hiddan uyg‘onib ketib qarasa, konnektorga ulangan oddiy zaryad qurilmasi erib ketgan bo‘lgan.
Shundan keyin Richard nosoz qurilmani almashtirib berishni so‘rab, Samsung’ga murojaat qilgan. Kompaniya nosoz telefon videolavhasini yuborishni so‘ragan. Aynan o‘sha lavhani yigit YouTube’ga ham joylagan.
Richard ko‘p o‘tmay Samsung’dan javob xati olgan. Unda yigitga yangi qurilma berilishi, biroq buning evaziga u videolavhani internetdan o‘chirib tashlab, ushbu nosozlik haqida hech qayerda oshkor qilmasligini so‘ragan. Bunga rozi bo‘lmagan Richard Samsung’ning xatini ham internetda tarqatib yuborgan va kompaniyaning talablari haqida yangi videoni ham joylashtirgan. 5-dekabr kuni e’lon qilingan ushbu videolavha hozirgacha 286 ming marta ko‘rilgan. Samsung Galaxy S4’ning yonib ketgani haqidagi lavha esa bor-yo‘g‘i 48 ming marta ko‘rilgan edi.
Ushbu voqeaga Samsung qanday munosabat bildirgani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.