Rossiyaning "Regionlararo tranzit telekom” (RTT) kompaniyasi 2014-yil aprelida yangi mobil operatorni ishga tushiradi. U O‘rta Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Bu haqda "Vedomosti” nashri RTT direktori bayonotiga asoslanib xabar bermoqda.
Operatorning qanday atalishi hali noma’lum. Migrantlar o‘z yurtiga qo‘ng‘iroq qilishi uchun ularga arzon tariflar taqdim etiladi. Internetga ulanish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi. RTT birinchi yili 100 ming nafargacha abonentni tarmoqqa ulashni ko‘zda tutmoqda.
Yangi operator virtual bo‘lib, u o‘z chastota va infratuzilmasiga ega bo‘lmaydi. Axborot uzatish uchun zarur qurilmalar tayanch operatorlarining biridan ijaraga olib turiladi. Uning aynan qaysi operator bo‘lishi hozircha noma’lum.
RTT direktorining fikricha, muhojirlar bozori tez o‘smoqda va u katta istiqbolga ega. Kompaniya har bir abonentdan oyiga o‘rtacha 320 rubldan olishga umid qilmoqda.
1994-yilda tashkil etilgan RTT asosan olis hududlar bilan aloqani ta’minlaydi. Shuningdek, u IP-telefoniya xizmatlarini ham taqdim etadi.