Rossiya hududida 25 nafar Ukraina fuqarosi, shu jumladan, “O‘ng sektor” radikal tashkilotining uch nafar faoli qo‘lga olindi. Ularning barchasi Rostov, Volgograd, Tver, Orlov, Belgorod viloyatlarida, shuningdek, Qalmiqiston va Tataristonda teraktlar tayyorlashda gumon qilinmoqda. Bu to‘g‘rida Federal xavfsizlik xizmatining Jamoatchilik aloqalari markazi xabariga tayanib “RIA Novosti” ma’lumot bergan.
Tergovlar payti tan olishlaricha, ular Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlarida Qurolli kuchlar harbiy texnikalarining joylashgan o‘rinlarini fotosuratga olish va ularning harakatlarini qayd etib borish borasida Ukraina xavfsizlik xizmati vakillaridan ko‘rsatmalar olishgan. Shubha tug‘dirmaslik uchun o‘zlarini Ukrainaning “Zapad-Vostok” firmasi xodimlari, deb tanishtirishgan. Bu firma Dnepropetrovskda joylashgan va rasman bolalarni fotosuratga olish bilan shug‘ullanadi. Ammo, RF Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, u Ukraina xavfsizlik xizmati uchun Rossiya hududida razvedka ishlari olib borishda niqob vazifasini o‘taydi.
NTV telekompaniyasi ham maxsus xizmatlarga tayangan holda, 25 nafar Ukraina fuqarosi Rossiya hududlarida qo‘poruvchilik ishlariga tayyorgarlik ko‘rishda gumonlanib ushlanganligini ma’lum qilgan edi.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa Rossiya hududida Ukraina fuqarolari qo‘lga olinganligi haqidagi xabarlarni tasdiqlovchi rasmiy ma’lumotlarga ega emasligini ma’lum qilgan.
|