Hech kimga sir bo‘lmasa kerak, "Shahzod” guruhi yakkaxoni Rashid Holiqov ijod maydonida ancha vaqtdan buyon ko‘rinmay qolgan edi. U haqdagi so‘nggi xabar matbuotda bundan bir oycha avval paydo bo‘lib, u san’atkorning ijodga qaytgani va yangi klip suratga olgani haqida edi.
Bir-ikki kun avval ijtimoiy tarmoqlardan birida "Shahzod” guruhining o‘z ijodiy faoliyatini yangilagani to‘g‘risida xabar paydo bo‘ldi. Unga telefon raqami ham ilova qilingan edi. Ma’lum bo‘lishicha, bu xabar bilan guruh ma’muri — Rashid Holiqovning akasi Ravshan Holiqov bo‘lishgan.
Ko‘rsatilgan raqam orqali Rashid Holiqov bilan bog‘lanib, sevimli qo‘shiqchimizning ayni paytdagi faoliyati va ijodidagi yangiliklar haqida bilib oldik.
San’atkor ijodidagi tanaffusning sog‘lig‘i bilan bog‘liq ekanini bildirdi. Uning aytishicha, oyoq mushaklari shamollashi natijasida bir oy avval Germaniyaga jo‘nab ketgan. U yerda kichik operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazib, 9-noyabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Rashid Holiqov birdan ijodga kirishib ketganini, Qozog‘istonga gastrol safariga borib kelishga ham ulgurganini, 16-noyabrdan esa to‘y xizmatlariga kirishganini ma’lum qildi.
Ijodidagi yangiliklar haqida gapirar ekan, san’atkor ayni kunlarda yangi klip ustida ish olib borayotganini ta’kidladi. "Tez kunlarda uni televideniye orqali tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi”, — dedi u.
Konsert dasturini taqdim etish haqidagi savolga javoban ijodkor yaqin orada bunday rejasi yo‘qligini, bu borada yangilik bo‘lishi bilan xabar berishini ma’lum qildi.
Ta’kidlash joiz, ayni paytda "Shahzod” guruhi tarkibida Ravshan Holiqov (guruh ma’muri), Husan Sharofiddinov (solo gitarada), Sarvar Shermuhamedov (bas gitarada) va Saidumar Imomxo‘jayev (klavishli asbobda) faoliyat yuritadi.
Fursatdan foydalanib, Rashid Holiqovga sog‘liq tilab, guruhdan ijodiy yangiliklar kutib qolamiz.