2014-yilning 14-martidan e’tiboran Qrim Respublikasining rasmiy valyutasi etib Rossiya rubli belgilandi. Bu haqda Qrim Davlat kengashining rasmiy press-relizida so‘z boradi.
Xabarda ta’kidlanishicha, 2016-yilning 1-yanvariga qadar respublikada rubl bilan birga ukrain grivnasi ham rasman muomalada bo‘ladi.
Shuningdek, yarimorol hukumati bevosita parlamentga bo‘ysunuvchi respublika bankini ham yaratishga qaror qildi. Qrim banki Simferopol shahrida joylashadi; mazkur tashkilot raisi etib esa Nikolay Barilyuk tayinlandi.
Umuman, 17-mart kuni bo‘lib o‘tgan Davlat kengashi majlisida Qrim Respublikasining ko‘plab asosiy idoralari (chegara xizmati, statistika xizmati, baliqchilik xo‘jaligi agentligi, geologiya va tabiiy resurslar bo‘yicha qo‘mita kabilar) tashkil etilishi xususida so‘z bordi.
Bundan tashqari, ayrim mahalliy hokimiyat idoralari vazirlikka aylantirildi. Jumladan, Qrimda Yoqilg‘i va energetika vazirligi tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, Qrim parlamenti joriy yilning 11-mart kuni mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilgan edi, 17-martda esa muxtoriyatning mustaqilligi haqida qaror qabul qilindi.