Dunyoda har kuni turli-tuman ko`rinishdagi o`g`irliklar sodir bo`lib turadi. Garchi bu noqonuniy holatlarning tezgina oldi olinib, jinoyatchilar jazolansa-da, ba`zan shunaqangi qoyilmaqom o`g`irliklar ham uchraydiki, eshitib, beixtiyor yoqa ushlaysan kishi. Quyida ana shunaqangi holatlarning ba`zilarini ko`rib o`tamiz.
OLIFTA O`G`RILAR
Londondagi obro`li tumanda ikki nafar po`rim kiyingan basavlat erkak mashhur zargarlik do`koniga kirishgan va sotuvchilarga qurol o`qtalgancha umumiy miqdori 65 million dollarni tashkil etuvchi qimmatbaho buyumlarni olib chiqib ketishgan. Ular do`kon xodimasini garovga olib, binodan chiqishdi va turli mashinalarga o`tirib, ko`zdan g`oyib bo`lishdi. Ushbu o`g`irlikni tergov qilayotgan politsiyachilar jinoyatchilar yuzlarini kuchli pardoz qilishganini aniqlashdi. Ammo o`g`rilarning o`zi shu kungacha topilmadi.
OSON ISh
Stokgolmdagi inkassatsiya firmalaridan birining qimmatli qog`ozlar saqlanuvchi ombori tomiga vertolyot qo`ngan. Niqob taqqan jinoyatchilar omborga kirishgan, yigirmatacha xodimning ko`z o`ngida seyflarni portlatib ochishgan, pullarni olishgan va darhol juftakni rostlab qolishgan. O`g`irlikni sodir etish uchun 20 daqiqa sarflangan, undan ko`rilgan ziyon esa 90 million funt sterlingni tashkil etgan. Shubha ostidagi bir nechta shaxslar qo`lga olingan, ammo ularning hech biriga ayblov qo`yilmagan.
ShKAF IChIDA KIM BOR?
Vena shahrining Noybau tumanida yashovchi 80 yoshli kampirning uyiga ikki nafar o`g`ri bostirib kirishdi. Pensioner kampir o`zini yo`qotib qo`ymadi, balki zudlik bilan politsiyaga qo`ng`iroq qildi. Oradan bir necha daqiqa o`tar-o`tmas, tartib posbonlari etib kelishdi. O`g`rilarning biri darhol taslim bo`ldi, ikkinchisi esa shkafning ichiga qamalib olib, tashqariga chiqishdan bosh tortdi. Shunda politsiyachilar shkaf eshigini sindirishga majbur bo`lishdi. O`g`rilarning ikkovi ham hibsga olindi.
UZOQQA ETOLMADI
Voronejdagi zargarlik do`konidan 80 million rubldan oshiqroq pul o`g`irlangan. jinoyatchilar signalizatsiyani o`chiruvchi kalitdan foydalanishgan. Oradan bir hafta o`tmay, militsiya xodimlari do`konning signalizatsiyasi uchun javobgar bo`lgan xususiy qo`riqlash tashkiloti xodimi V. Chukaev va uning shu do`konda sotuvchi bo`lib ishlaydigan ma`shuqasi L. Doroxovani qo`lga olishdi. Barcha o`g`irlangan narsalar joyiga qaytarildi.
BUNDAN OSONI JO`Q...
Parij shahridagi Vandom maydonida joylashgan mashhur zargarlik do`koniga xaridor kirdi. U qurol o`qtalgancha peshtaxtalardagi 8 million dollarlik zargarlik buyumlarini olib ketdi. jinoyatchi haligacha topilgani yo`q.
UDDABUROLIKDA BEQIYoS
Tolyattidagi banklardan biri bitta ham o`q uzilmay talon-taroj qilindi. Tergov ishlaridan ma`lum bo`lishicha, bank texnik xodimi A.Liteykin boshqa bankdan o`z hisobiga 16 million rubl o`tkazgan, ularni naqd pulga almashtirgan va juftakni rostlagan.
Ҳusniddin tayyorladi.