4-mart kuni Moskva viloyatida joylashgan Novo-Ogaryovo prezident qarorgohida Vladimir Putin bilan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Ukrainadagi vaziyat, Rossiyaning u bilan bog‘liq harakatlari bo‘yicha savol-javob bo‘ldi. Mazkur suhbat matni Rossiya prezidentining rasmiy saytida e’lon qilingan.
Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Vladimir Putin Rossiya qo‘shinlari Qrim hududiga hozir kiritilmasligini aytib, "Hozircha bunga zarurat yo‘q”, deya ta’kidladi. Mamlakat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qo‘shni davlat hududiga "boshqa chora qolmagandagina”, Rossiya fuqarolariga himoya zarur bo‘lsagina kiritiladi.
Putin Rossiyaning bu qadami haqqoniyligini Ukrainaning hozirgi qonuniy prezidenti Viktor Yanukovichning arizasi bilan asoslamoqda. Oxirgi oylarda Ukrainada yuz berayotgan voqealarni Putin konstitutsiyaga zid davlat to‘ntarishi, deb atadi va bu mamlakat hozirgi rahbariyatining qonuniyligini tan olmasligini bayon qildi.
Shuningdek, prezident oxirgi haftada o‘tkazilgan Rossiyaning G‘arbiy va Markaziy okruglardagi harbiy xizmatchilarning keng miqyosli o‘quv mashg‘ulotlarining Ukrainadagi voqealarga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, jurnalistlar Vladimir Putinga Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi masalasida ham savol berdi. Prezident esa bunday qilish rejalashtirilmaganligini, Moskva Ukrainada ayirmachilikni targ‘ib etmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, muayyan hududning taqdirini belgilashga faqat o‘sha yerning aholisigina haqli.
Avvalroq xabar berganimizdek, 1-mart kuni Vladimir Putin Ukraina hududiga qurolli kuchlarni kiritish uchun mamlakat Federatsiyalar Kengashidan ruxsat olgan. AQSh bundan norozilik bildirib, Rossiyani yakkalab qo‘yish xavfi bilan po‘pisa qilgan, ammo Putin bunga unchalik parvo qilmagan.
Shuningdek, "katta yettilik” davlatlarining barchasi G8 sammitiga tayyorgarlik ko‘rishni to‘xtatishganligi ham Rossiyaning harakatlariga nisbatan norozilik belgisidir. Ukraina IIV qidiruv bazasiga kiritilgan Yanukovichni rasmiy Moskva qonuniy davlat rahbari sifatida tan olib, uning arizasini qabul qilgan.