Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat hukumati ijtimoiy tarmoqlarni yopmoqchi emasligini bildirdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yalpi majlisida Rossiyada Facebook, Twitter yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar yopilish-yopilmasligi haqidagi savolga javoban, Vladimir Putin “Biz hech narsani yopmoqchi emasmiz”, — deya ta’kidladi.
“Bunday faoliyatni amalga oshirganlarni tanqid qilishga haqqimiz bor, deb o‘ylamaymiz. Bunda har bir mamlakatning o‘z milliy xususiyatlaridan kelib chiqqan sabablari bo‘lishi mumkin. Biroq biz bunday xatti-harakatni amalga oshirmoqchi emasmiz”, — dedi Putin.
Uning aytishicha, Rossiyada zamonaviy kommunikatsiya vositalarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
“Umid qilamanki, biz asosiy kommunikatsiya vositasi Kalashnikov avtomati bo‘lgan davrlarga qaytmaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq Rossiya nazorat qo‘mitasi (Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmat) rahbari o‘rinbosari Maksim Ksenzov mamlakatda Twitter va Facebook’ni yopib qo‘yishlari mumkinligi haqida bayonot bergan edi. “Ijtimoiy tarmoqlarni bloklab qo‘yishda hech qanday riskni ko‘rmayapman”, — degan edi u.
Bunga Twitter Rossiya hududida taqiqlangan ma’lumotni o‘chirib tashlash talabini tezkorlik bilan bajarmaganini sabab qilib keltirgan edi.
Unga javoban, bosh vazir Dmitriy Medvedev ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchisi sifatida Rossiya qonunchiligiga tarmoqlar ham, foydalanuvchilar ham rioya qilishi kerak, deb hisoblashini bildirdi. “Biroq soha taraqqiyotiga javobgar bo‘lgan ba’zi mansabdor shaxslar vaqti-vaqti bilan kallasini ishlatishi va ijtimoiy tarmoqlar yopilishi haqida e’lon qiluvchi intervyularni bermasligi kerak”, — deb yozgan u.
|