Osmon uzoq yer esa qattiq. Kimlarnidir orzusin so’rsang, Tilar faqat oltinli sandiq. Bir naql bor dunyoda bilsang, Osmon uzoq,yer esa qattiq.
Ey do’stlarim insofga qayting, Chidolmayman men bunga ortiq. Qayga uray boshimni ayting, Osmon uzoq yer esa qattiq.
Ey xudoyim armonsiz ketay, Yo armonga bo’laymi tortiq. Orzuimni ko’p ko’rdi netay, Osmon uzoq yer esa qattiq.
Qalbingda bir ko’rmasang najot, Tosh tuyular boshingga yastiq. Sinovlaring buncha ko’p hayot, Osmon uzoq yer esa qattiq.
Kimlargadir aziz bir tiyin, Ba’zida boy hayoti achchiq. Ta’rifini ta’riflash qiyin, Osmon uzoq yer esa qattiq.
Bo’lar bo’lmas aytib so’zingni, Kimning ko’ngli sen sabab siniq. Ey,sen nodon ochgin ko’zingni, Osmon uzoq yer esa qattiq.
Qocholmaysiz taqdir hukmidan, Biroq dilda qolarkan chandiq. Sizga lo’nda bir gapni aytsam, Osmon uzoq yer esa qattiq! Bahrinoy Hojiyeva.
|