Bugun, 16-dekabrdan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida yangi "Oilaviy” va "Diyor” telekanallari ish boshladi. Bu haqda O‘zMTRK matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, yangi telekanallar "ko‘rsatuvlarni efirga uzatishning yangi formatiga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonini rivojlantirish orqali teleradiokanallar tomonidan barcha bahramand bo‘la oladigan raqamli televideniyening ijtimoiy majmuini shakllantirish bo‘yicha tadbirlar doirasida” ochildi.
"Oilaviy” telekanali "O‘zbekiston” teleradiokanali ijodiy bazasida tashkil etilib, sog‘lom zamonaviy avlodni rivojlantirishga qaratilgan yoshlar siyosati, jumladan, kirib kelayotgan 2014-yilning "Sog‘lom bola yili” deb nomlanishi bilan bog‘liq chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish jarayonlarini yoritishga qaratiladi, deyiladi xabarda.
Kanalda "Sog‘lom ona — sog‘lom bola”, "Salomatlik” va shunga o‘xshash keng qamrovli dasturlarni amalga oshirishga oid teleko‘rsatuvlar namoyish etiladi. Ko‘rsatuvlar o‘zbek va rus tillarida efirga uzatiladi.
Yangi "Diyor” telekanali "Madaniyat va ma’rifat” telekanali ijodiy bazasida tashkil etilib, teleko‘rsatuvlar dasturi shuningdek o‘n ikkita hududiy teleradiokompaniyalar teledasturlari asosida shakllantiriladi va teletomoshabinlarni O‘zbekistonning turli shaharlari, qishloqlari va viloyatlaridagi hayotni keng tanishtirishga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz "Navo” va "Kinoteatr” telekanallari 14-noyabr kuni ishga tushgan edi. So‘nggi bir yil ichida O‘zMTRK tasarrufida turli mavzulardagi telekanallar soni ko‘payib bormoqda. 2013-yilning yanvarida "Madaniyat va Ma’rifat” hamda "Dunyo bo‘ylab” telekanallari, 2013-yilning yozida "Bolajon” telekanali ("Yoshlar” telekanali qoshida) o‘z faoliyatini boshlagan edi.