Osiyo Futbol Konfederatsiyasi musobaqalar o‘tkazish qo‘mitasi majlisida Osiyo Chempionlar ligasi uchun ajratiladigan limitlarni aniqlash tizimiga o‘zgartirish kiritildi. Bu xususda, OFK rasmiy saytidagi ma’lumotga asoslanib UFF sayti xabar bergan.
Shu paytgacha OChL ishtirokchilari mamlakat futboli infratuzilmasi va qo‘shimcha ko‘rsatkichlarni tekshirish davomida taftish komissiyasi chiqaradigan qarorlar asosida aniqlanar edi. Endi esa ular mamlakat terma jamoasining FIFA reytingidagi o‘rni va klublarning oxirgi to‘rt yilda qit’a miqyosidagi xalqaro uchrashuvlardagi natijalariga qarab aniqlanadi.
Bunda 30 foiz e’tibor terma jamoaning FIFA reytingidagi o‘rniga qaratilsa, klublarning qit’a musobaqalaridagi ishtirokidan to‘plagan balli 70 foiz rol o‘ynaydi. Shu asosida OFKdagi 47 mamlakatga reyting ballari beriladi. Mazkur reytingda 1—24-o‘rinlardagi mamlakatlar OChLda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar. Shu 24 talikka kirgan mamlakatlar OChL talablariga (klublarning litsenziyalanishi, professional futbol ligasi tashkil etilishi, uning boshqarilishi, talab va tizimga mosligi, moddiy-texnik ta’minoti kabilar) javob berishlari shart.
Reytingning 25—32-o‘rinlaridagi mamlakatlar jamoalari OFK Kubogi guruh bosqichida ishtirok etishlari mumkin. Quyi o‘rinlardagi chempionatlar vakillari esa OFK Kubogida saralash musobaqalaridan ishtirok etadilar.
Joriy yil davomida mamlakatlarni baholash tizimi ishlab chiqiladi va reyting o‘rinlari aniqlanadi. Ushbu tizim 2015 va 2016-yillarda amalda bo‘lib turadi. Yangi baholash esa 2016-yilda amalga oshirilib, 2017-yildan 2020-yilga qadar amal qiladi.