O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi yaqin orada to‘rtta yangi telekanalni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zMTRKdagi ishonchli manbalarimiz xabar berdi. Yangi kanallar hozirda mavjud telekanallar bazasida ochilib, turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. Jumladan, "O‘zbekiston” telekanali bazasida "Oilaviy” kanali, "Toshkent” telekanali qoshida musiqiy "Navo”, "Yoshlar” bazasida kino mavzusidagi "Kinoteatr”, "Madaniyat va Ma’rifat” qoshida esa respublikadagi barcha viloyatlar hayotiga oid ko‘rsatuvlarni uzatish bilan shug‘ullanuvchi "Hududlar” telekanallari paydo bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, bo‘lajak telekanallarning nomlari ishchi nom bo‘lib, hali o‘zgarishi mumkin. Telekanallarning barchasi o‘z ko‘rsatuvlarini HD formatida namoyish qilishi rejalashtirilmoqda.
Manbamizning ma’lum qilishicha, telekanallar ishga tushishga shay, biroq ularning qachon o‘z faoliyatini boshlashi haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.
O‘zMTRKdagi manbamiz ushbu kanallarning ochilishi 21-oktabr kuni o‘z faoliyatini to‘xtatgan NTT, SofTS, TVM va "Forum-TV” telekanallari bilan hech qanday bog‘liqligi yo‘qligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi binosi. Foto: Farishta.uz
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi binosi. Foto: Farishta.uz
"Kun” nashrining yozishicha, so‘nggi bir yil ichida O‘zMTRK tasarrufida turli mavzulardagi telekanallar soni ko‘payib bormoqda. 2013-yilning yanvarida "Madaniyat va Ma’rifat” hamda "Dunyo bo‘ylab” telekanallari, 2013-yilning yozida "Bolajon” telekanali ("Yoshlar” telekanali qoshida) o‘z faoliyatini boshlagan edi.