Maktab. 3-sinf o'quvchilariga dars bo'lyapti. O'qituvchi bolalarga: "Xudodan o'zingiz uchun nima so'ragan bo'lardingiz?" mavzusida insho yozishlarini vazifa qilib topshirdi. Hamma oppoq qog'ozga o'z inshosini yoza boshladi. Kechqurun yozma ishlarni tekshirarkan, o'qituvchining diqqatini bir insho o'ziga tortdi. Inshoni o'qib chiqarkan u juda xafa bo'ldi, ko'zlaridan yuziga yosh dumaladi. Shu vaqtda xonaga uning eri kirib keldi va ayolining ko'zidagi yoshlarni ko'rib hayron bo'ldi. "Nima bo'ldi?” – deb so'radi u. "O'qing”, - deb, unga o'sha o'quvchining inshosini uzatdi. Insho quyidagicha yozilgandi: """Pаrvardigor, bugun Sendan alohida bir narsa haqida o'tinib so'ramoqchiman: meni televizorga aylantirib qo'y... Ha, xuddi uyimizdagi televizorning o'rnini egallashni istayman. Men ham uyda alohida joyga ega bo'lib, oilamizni o'z atrofimda jam bo'lishini xohlayman. Gapirayotganimda gaplarimni bo'lishmasin, ahamiyatsiz narsalarni gapirmasligimga ishonishsin, diqqat-e'tibor markazida bo'lishni istayman. Agar meni televizorga aylantirib qo'ysang, dadam ishdan charchab kelsalar ham, "Men charchaganman", - demasdan mening yonimda bo'ladi. Agar meni televizorga aylantirib qo'ysang, onam xafa bo'lib, yolg'iz qolganida ham meni e'tiborsiz qoldirmaydi. Qaniydi, ota-onam hamma narsani tashlab har kuni ozgina vaqt men bilan birga bo'lishsa... Parvardigorim, balki ko'p narsa so'rayotgandirman, lekin chin dildan so'rayapman. Iltimos... Meni televizorga aylantirib qo'y...""" O'qituvchining eri bu yozma ishni o'qib bo'lgach hayqirib yubordi: "Dahshatning o'zi bu! Bechora bola!” Yig'layotgan ayolidan baland ovozda so'radi: "O'zi qanday axmoq ota-ona ekan ular? Odam degan ham shunchalik bo'ladimi?" O'qituvchi ayol yosh to'la ko'zlarini eriga qadab mahzun javob berdi: "Bu inshoni... bizning o'g'limiz yozibdi...”
|