Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Opera Mini brauzerining so‘nggi ikki-uch kun ichida yaxshi ishlamayotgani haqida xabarlar qoldirmoqda. Internetning sekin ishlayotganidan shikoyat qilgan bir abonentga Ucell operatori gap Opera Mini brauzerida ekanligini ma’lum qilgan. Ushbu fikrni inobatga olib, boshqa brauzer orqali internetga ulanib ko‘rilganda, aloqaning me’yorida ishlayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Opera Mini’ning ishlash tamoyilini hisobga olgan holda, muammoning Opera yoki mobil operatorlar yoki internet provayderlar bilan bog‘liqligini taxmin qilish mumkin. Ucell Facebook’dagi sahifasida bu borada tekshiruv olib borayotganini, hozircha aniq javob bera olmasligini ta’kidlagan.
Opera Mini Norvegiyaning Opera Software kompaniyasi mahsuloti bo‘lib, dastlab veb-brauzerlar bilan ishlay olmaydigan mobil telefonlar uchun yaratilgan va sinovdagi loyiha sifatida 2005-yilning 10-avgustida chiqarilgan edi. Brauzerning beta-versiyasi o‘sha yilning 20-oktabrida ishga tushirilgan bo‘lsa, uning rasmiy relizi butun dunyo bo‘yicha 2006-yilning yanvarida bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Opera Mini brauzerining ishlash tamoyili quyidagicha: mobil telefondagi Opera Mini brauzeri orqali ma’lum bir veb-saytni ochish haqidagi so‘rov (1) mobil aloqa operatori serveri orqali o‘tib, Opera Software kompaniyasi serveriga yetib boradi (2). U yerdan foydalanuvchi so‘ragan veb-sayt (3) Opera’ning ma’lumotni siqib beradigan serveri orqali o‘tib (4) telefonga yuboriladi (5) va telefoningiz ekranida aks etadi (6).
Opera Mini’ning ishlash tamoyili. Foto © dev.opera.com
Aziz mushtariylar, siz ham Opera Mini bilan bog‘liq muammoni sezdingizmi? Sizda Opera Mini yaxshi ishlayaptimi?