O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligida 2013-yilgi faoliyati yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarning bajarilishi, Vazirlar Mahkamasi va Agentlik tomonidan tasdiqlangan ish rejalari ijrosi ko‘rib chiqildi. Bu haqda agentlik saytida ma’lum qilingan.
Yil yakunlariga ko‘ra, Intellektual mulk agentligidagi jami ishlab chiqarish hajmi 18,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 19,8 foizga ko‘pdir. Hisobot davrida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 661 ta shartnoma tuzildi. Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 661,3 mln so‘mni, 2012-yilning shu davriga nisbatan o‘sish 33,2 foizni tashkil etdi.
Kontrafakt fonogramma va audiovizual mahsulotlar savdosi amalga oshirilishi bo‘yicha 49 ta monitoring natijalariga ko‘ra jami 702 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi. Shuningdek, internet tarmog‘ida joylashgan 134 ta sayt orqali mualliflar va boshqa huquq egalarining asar (fonogramma)laridan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari mavjudligini ma’lum qilingan.
Hisobot davrida 155 365 ta (shundan 135 036 kontrafakt) audiovizual mahsulotlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlar bo‘yicha 152 ta ekspert xulosalari berildi. Ularning umumiy qiymati 2 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ni tashkil qildi.
2013-yilda Agentlikning rasmiy veb-sayti takomillashtirildi — saytga doimiy ravishda yangiliklar, berilgan patentlar va boshqa ma’lumotlar kiritib borilmoqda. Yil davomida seminarlar, davra suhbatlari va matbuot konferensiyalari o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha Intellektual mulk agentligi hay’atining tegishli qarori qabul qilindi.