Bellashuvning birinchi bo‘limida vakillarimizning o‘yini ochig‘i qovushmadi. Birinchi daqiqalardanoq iroqlik futbolchilarning tezlik bobida bir kalla ustunligi ko‘rinib qoldi. Musobaqaning birinchi bellashuvidayoq Iroq terma jamoasi futbolchilarining qanotdan uyushtirilgan hujumlar va standart vaziyatlarda o‘ta havfli harakat qila olishlarining guvohi bo‘ldik. Buni avvaldan bilgan bo‘lsak-da, negadir bunga qarshilik qila olmadik.
Jamoalar navbat bilan bir nechtadan hujum uyushtirganlaridan so‘ng, 9-daqiqada Marvan Hussayn hisobni ochdi. Raqiblarimiz tezkor qarshi hujum uyushtirishga muvaffaq bo‘ldilar. O‘ng qanotdan oldinga o‘tib, oshirib berilgan to‘pga Marvan Hussayn to‘xtatmasdan turib zarba berdi va darvozabonimiz ojiz qoldi.
Kutilmaganda uchrashuv debyutidayoq gol o‘tkazib yuborgan jamoamiz vakillari biroz karaxt ahvolga tushib qolgandek edilar. Raqibning tezkor o‘yiniga o‘zbekistonliklar kombinatsion o‘yinni qarshi qo‘yishga harakat qilib ko‘rishdi. Lekin 1-bo‘lim oxirlariga kelib, aniqrog‘i 38-daqiqada, jarima maydonchasiga havodan uzatib berilgan to‘pni Mustafo Jari darvozaga yo‘lladi. Hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi.
Ikkinchi bo‘limda o‘yin surati biroz o‘zgardi. To‘g‘ri, raqib o‘yinni butkul yig‘ishtirib qo‘ymadi, lekin biznikilar chinakamiga jonlanishdi. Maydon markazidayoq pressing va ketma-ket hujumlar o‘z samarasini berdi va 62-daqiqada chap qanotdan oshirib berilgan to‘pni Jamshid Iskanderov chap oyoqdan berilgan ajoyib zarba bilan uzoq burchakka joylab qo‘ydi.
Qolgan daqiqalarda ham yurtdoshlarimiz qo‘llaridan kelgan ishni qilishdi, ammo…
O‘ZBEKISTON U-22—IROQ U-22 — 1:2 (0:2)
Hakamlar: Mohd Amirul Izvan Bin Yoqub (Malayziya), Mohd Yusri Bin Muhammad (Malayziya), Karakami Satoshi (Yaponiya), Muhammad Abdulla Hassan Muhammad (BAA)
GOLLAR: Marvan Hussayin 9, — 0:1. Mustafo Jari 38, — 0:2. Jamshid Iskanderov 63, — 1:2.
O‘ZBEKISTON U-22: 1. Akmal Tursunboyev, 3. Sardor Rahmonov, 14. Bobur Yo‘ldoshev, 13. Davron Hoshimov, 15. Javlon Mirabdullayev, 5. Akbar Ismatullayev (4. Dilshod Jo‘rayev, 46), 6. Abbos Maxstaliyev (23. Sardor Rashidov, 55), 19. Diyor Turopov (17. Igor Sergeyev, 76), 9. Sardor Mirzayev, 10. Jamshid Iskanderov, 11. Temurxo‘ja Abduxoliqov.
IROQ U-22: 12. Jalol Hassan, 2. Ahmad Ibrohim, 3. Ali Bahjat, 4. Mustafo Jari, 8. Saif Salman, 9. Mahdi Kamil (7. Javod Xodim, 90+3), 14. Amjed Xalaf, 15. Durgam Ismoil, 16. Muhanad Karrar (22. Ali Qosim, 90), 18. Marvan Hussayin (5. Ali Fayoz, 72), 23. Volid Salim.
Guruhimizda Iroq termasi bugungi g‘alabadan so‘ng, 6 ochko to‘plab oldi. O‘zbekiston termasida 3, Xitoy va Saudiya Arabistoni termalarida hozircha ochko yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, bugun soat 21:00 da ushbu ikki termna jamoa o‘zaro bahs olib boradi. Aynan shu bellashuvdan so‘ng, guruhdagi vaziyatga yanada oydinlik kiritiladi. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, Maqsudov shogirdlari keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lsalar, guruhning so‘nggi to‘qnashuvida Saudiya Arabistoni termasini taslim etishlari shart.
O‘zbekiston terma jamoasi Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi 16-yanvar kuni maydonga tushadi.