Yaqinda yakuniga yetgan O‘zbekiston va Livan terma jamoalarining uchrashuvida vatandoshlarimiz Server Jeparovning yagona goli evaziga g‘alaba qozonishdi. Ushbu g‘alaba bosh jamoamizni guruhda birinchi o‘rinni saqlab qolishini ta’minladi.
Uchrashuvni raqiblarimiz ehtiyotkorlik bilan boshlashdi. Ular kuchli pressing qo‘llashga e’tibor qaratishdi. Birinchi taymda birgina burchak zarbasi xavfli ko‘rinish oldi.
Ikkinchi taymda terma jamoamiz bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ikkita o‘zgarishni amalga oshirdi. Maydonga tushgan Oleg Zoteyev va Farhod Tojiyev o‘yinni keskin kuchaytirishdi. Natijada raqib jarima maydonchasi atrofida ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratildi.
64-daqiqada sardorimiz Server Jeparov tomonidan yo‘llangan zarba livanlik himoyachiga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirdi va darvoza to‘ridan joy oldi! Ana shu gol yagonaligi o‘yin oxirigacha saqlanib qoldi. Natijada terma jamoamiz muhim g‘alabaga erishgan holda Braziliya sari yana bir dadil qadamni tashladi!
Barcha yurtdoshlarimizga g‘alaba muborak!