"Oila davrasida” gazetasida chop etilgan "Ko‘rishishmi yoki urishish?” nomli maqolada muallif Abduqayum Ismoilov ayni paytda yoshlar orasida "moda” bo‘lgan salomlashish turi — kalla urishtirishni tanqid ostiga oldi.
Muallif hozir qo‘l siqishib ko‘rishish "moda”dan qolgani, yoshlar "qo‘chqorlar singari suzishib” ko‘rishayotgani haqidagi hazilomuz kirish gaplaridan so‘ng, e’tiborni muammoning jiddiy taraflariga qaratdi. U "Ming yillar davomida yashab kelayotgan qo‘l berib ko‘rishishdek ulug‘ qadriyatimizga "o‘zgartirish va qo‘shimchalar” kiritishning zarurati nimada ekan?” degan savolni o‘rtaga tashladi.
Ushbu mavzu bo‘yicha fikr bildirgan o‘qituvchi Matluba Yerjanova "Yoshlarning bu qilig‘ini yoshlik-beboshlik deb hisoblay qolaylik, biroq kap-katta kishilarning bosh urishtirib ko‘rishishidan yoqa ushlab qolaman”, — dedi. Bundan tashqari, o‘g‘il bolalarning xuddi qizlardek o‘pishib ko‘rishishini ham tilga olib, bu qiliqni "olis yurtlardan esgan bemaza shamol ta’siri” deya ta’rifladi.
Mehnat faxriysi Munojot Qurbonova "hali suyagi qotmagan” yoshlarga salomlashish odobini o‘rgatish nafaqat uning ota-onasi, balki mahalla va butun jamoatchilik vazifasi ekanini ta’kidladi.
Muallif mavzuga yakun yasar ekan, salomlashishday muqaddas qadriyatlarimizga ham "ommaviy madaniyat”ning ba’zi unsurlari kirib kelayotganidan afsuslandi. Kattalarni yosh avlodga milliy axloqimiz me’yorlarini o‘rgatib, ularga rioya qilishlarini nazorat etishga chaqirdi.