27-sentabr kuni Hindistonning yirik shaharlaridan biri Mumbayda 5 qavatli turar-joy binosi qulab tushgan edi. 29-sentabr kuni qutqaruvchilar tomonidan bino uyumlarini yig‘ish ishlari yakunlandi. Qoldiqlar orasidan 60 kishining jasadi topilgan. Bu haqda Agence France-Presse agentligi xabar berdi.
Shuningdek, bino qulashi natijasida 33 kishi jarohatlangan. Ularning ayrimlari og‘ir ahvolda. Shu bois qurbonlar soni ortishi mumkin.
Hindiston huquqni himoya qiluvchi organlari fojia sabablarini aniqlash doirasida bir kishini hibsga olgan. Agentlikning qayd etishicha, u bir firma direktori bo‘lib, qulab tushgan binoni ijaraga olgan va bino planirovkasini ruxsatsiz o‘zgartirgan.
Mumbay shahridagi ushbu bino 1980-yilda qurilgan bo‘lib, qulab tushgan mahal unda 22 oila yashagan. Hozircha baxtsiz hodisaning rasmiy sabablari yo‘q.
Aytish kerakki, bunday voqea Mumbayda so‘nggi bir necha oy davomida beshinchi marotaba kuzatilishidir. Masalan, 2013-yilning aprelida shu kabi bino qulashi natijasida 72 kishi halok bo‘lgan. Ko‘pincha bunday qulashlarga uylarning juda qisqa muddatda va texnik xavfsizliklarga amal qilinmay qurilishi sabab bo‘lmoqda.