Toshkentda ayollarning taqinchoqlarini yulib olib qochish bilan shug‘ullangan katta jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda "Pravda Vostoka” nashri xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, ushbu uyushgan jinoiy guruh a’zolari muntazam tarzda giyohvandlik moddasi iste’mol qilib kelgan. Guruh a’zolari oson yo‘l bilan pul topish maqsadida ayollarni tunashga o‘tishgan. Jinoyatchilardan biri ijaraga olgan "Matiz” avtomobilining davlat raqamini yechib qo‘yib, himoyasiz ketayotgan qiz-juvonlarni poylab yurgan. Xoliroq joyga o‘tgach, guruh a’zolaridan biri tezda mashinadan tushib, ayollarning tilla taqinchoqlarni yulib olib, yana mashinaga o‘tirgan va tezda qochib qolgan. Shu tariqa jinoyatchilar qo‘lga kiritilgan taqinchoqlarni arzon-garovga sotib, pullarni o‘rtada taqsimlashgan va giyohvandlik moddalari sotib olishgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari dastlab mazkur guruhning ikki nafar a’zosini giyohvandlik moddasi savdosi ustida qo‘lga oldi. Keyinroq ulardan olingan ma’lumotlar bo‘yicha qolganlari ham ushlandi va 16 kishidan iborat jinoiy guruhning barcha a’zolari sudlanib, ularga nisbatan tegishli jazo belgilandi.