Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida farzandlarimizni hech kimdan kam bo‘lmagan insonlar etib tarbiyalash, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoyalash, ta’lim-tarbiya olishi, salomatligini mustahkamlashi yo‘lida g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning pirovard maqsadini tashkil etadi. Yangi yil arafasida yurtimizda an’anaviy tarzda o‘tkaziluvchi "Prezident archasi” bayram tantanalari buning amaldagi yana bir tasdig‘idir. 29 dekabr kuni poytaxtimizdagi "Turkiston” saroyida ana shunday tantanalar boshlandi. "Sen Yolg’iz Emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirga shahardagi barcha Mehribonlik uylari, SOS – Bolalar shaharchasi, maxsus maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, serfarzand oilalarning o‘g‘il-qizlari taklif etildi. Yurtimizda mutlaqo yangicha, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy yangilik va texnologiyalarni o‘zlashtirishga qodir, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol topayotgan ma’naviy va jismoniy yetuk yoshlarni tarbiyalashning mukammal tizimi yaratilgan. Hayotga izchil joriy etilayotgan «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunlar, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yosh avlodning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib voyaga yetkazish, qiziqishi va layoqatiga monand kasb-hunar egallashiga yaqindan ko‘maklashish, ijodiy-intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish imkonini bermoqda.
|