O‘zbekiston Respublikasi hukumati 2014-yilning 1-aprelidan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchilarning yangi avtomobilini sotib olishda Respublika yo‘l jamg‘armasi uchun olinadigan yig‘imni amalga kiritadi. Bu xususda UzDaily xabar bermoqda.
Yig‘im Prezidentimizning 2013-yil 25-dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy etilgan.
Respublika yo‘l jamg‘armasi uchun olinadigan yig‘im stavkasi avtomobil narxining 3 foizi miqdorini tashkil etadi. Mazkur yig‘im O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va mamlakat hududidagi ixtisoslashgan savdo tarmog‘i orqali sotib olinadigan yangi avtomobillardan olinadi.
Avvalroq 2014-yilning 1-aprelidan boshlab Rossiya va Ukrainada ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni ixtisoslashtirilgan savdo tarmog‘i orqali sotib oladigan fuqarolar uchun ham ushbu yig‘im joriy etilganligi xabar qilingan edi.